Yangiliklar
2026 yil yoshlarni zamonaviy kasblarga o`rgatish yili bo`ladi-prezident
O‘zbekistonda 2026 yil yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish yili bo‘ladi. Bu haqda 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchilar va murabbiylar bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deya xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.
«Biz yoshlarimizni nafaqat zamonaviy ruhda, balki kelajakka tayyor holda tarbiyalashimiz kerak. Hech qachon unutmang: kelajak zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi mutaxassislarga tegishlidir», — dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga har yili 30–35 milliard dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilinmoqda, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda va minglab korxonalar ishga tushirilmoqda. Natijada har yili qariyb 250–300 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilmoqda.
«Bu ish o‘rinlari, avvalo, yoshlarimizni bandlik bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatdir. Biroq buning uchun zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni egallash, professional ko‘nikma va malakaga ega bo‘lish zarur», — dedi u.
Shu maqsadda Professional ta’lim agentligi tashkil etilmoqda. Agentlik va hokimlarning asosiy vazifasi — 598 ta texnikumda yangi ta’lim muhiti va xalqaro standartlarni joriy etishdir.
Bir yil davomida 100 ta texnikum Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarning ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi va ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlarini joriy etadi.
Bundan tashqari, professional ko‘nikmalarga ega bo‘lgan har qanday nomzod ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlar malaka baholash tizimi asosida imtihon topshirib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab Buyuk Britaniyaning Pearson kompaniyasi bilan hamkorlikda 14 ta texnikumda xalqaro BTEC dasturi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu dastur yoshlarning turizm, IT, tibbiyot, qurilish, logistika, mashinasozlik, energetika, biotexnologiya va kreativ iqtisodiyot sohalarida kasb egallashiga imkon beradi.
2026 yilda sanoat sohasida qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Texnikumlarda «investor — tarmoq — texnikum» tamoyili asosida dual ta’lim tizimi joriy etiladi.
Korxonalar bilan aniq loyihalarga ega texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalar tashkil etish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblarga ustaxonalar uchun zamonaviy uskunalar hamda sport anjomlari taqdim etiladi.
Dual ta’lim qamrovi besh baravar oshiriladi, korxonalarga esa 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi. O‘quvchilar uchun yagona ijtimoiy to‘lov ikki baravarga qisqartiriladi.
Shavkat Mirziyoyev yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va xorijiy investorlar bilan erkin muloqot qilish uchun xorijiy tillarni o‘rganish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan texnikumlarda xorijiy tillar bo‘yicha dars soatlari to‘rt baravarga oshiriladi.
2026 yildan boshlab O‘zbekistonda va xorijda faoliyat yurituvchi ish beruvchilar bitiruvchilarning professional ko‘nikmalari haqidagi barcha ma’lumotlarni ko‘ra oladigan raqamli platforma ishga tushiriladi.
Shuningdek, prezidentning yangi qaroriga binoan maktablarda maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. U 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning o‘zlashtirishi va qiziqishlarini kuzatib boradi hamda ularni texnikumlarga yo‘naltiradi.
Shu bilan birga, 9-sinf bitiruvchilari maktabga qaytish imkoniyatini saqlab qoladi. 2025 yilda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmagan 11-sinf bitiruvchilaridan qariyb 200 ming nafari qisqa muddatli kasb-hunar kurslaridan o‘tadi.
«Yangi tashabbuslarimizdan maqsad nima? Agar biz har bir bolani kasb va daromad bilan ta’minlasak, har bir oilada farovonlik bo‘ladi, mahallalarda esa osoyishtalik hukm suradi», — dedi davlat rahbari.
Texnikum pedagoglari maqomini oshirish maqsadida professional sertifikatsiya tizimi joriy etilmoqda. O‘qituvchilar milliy sertifikat uchun 30%, xalqaro sertifikat uchun esa 50% ustama oladi.
Direktorlar va ularning o‘rinbosarlari maktabdagi hamkasblaridan kam bo‘lmagan maosh oladi, «Direktorlar maktabi»dagi menejerlik sertifikati uchun esa qo‘shimcha 20% ustama beriladi.
Bundan tashqari, texnikumlarda ilmiy daraja va unvonlar uchun ham ustamalar to‘lanadi. Har yili 500 nafar o‘qituvchi yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida stajirovkaga yuboriladi, yana 500 nafar usta esa xorijdagi korxonalarga jo‘natiladi.
Ushbu uchrashuvda prezident, shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda 9 va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihoni joriy etilishini ma’lum qildi. Uning natijalariga ko‘ra, o‘quvchilar ta’limni texnikumlarda yoki universitetlarda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Davlat rahbari avvalroq maktab bitiruvchilarining kasbiy ta’lim bilan qamrovi pastligini ta’kidlagan edi.
Manba
