«Ta’lim va o’quv texnologiyalari - Ta’limExpo / ISUE 2026» 3-Xalqaro ko`rgazma

14 - 16 oktabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha global ta’lim dasturining beshinchi bosqichi boshlandi

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha ta’limning global dasturining beshinchi bosqichini tanlovlar va ta’lim loyihalari bilan boshlamoqda. 2026–2030 yillar davomida mamlakatda har yili “Inson huquqlari haftaliklari”, ushbu sohadagi ta’lim muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovlari, shuningdek, chet elda ta’lim olish va malaka oshirish uchun ochiq tanlovlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari va talabalari uchun ta’lim jarayoniga “Inson huquqlari” nomli maxsus o‘quv dasturi joriy etiladi.

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim global dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, shuningdek uning bajarilishini nazorat qiladigan Milliy komissiya tarkibi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, vazirlik va idoralar har chorakda Milliy komissiyaga hisobot taqdim etadi. Ushbu komissiyaning ishchi organi sifatida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz belgilangan.

Ma’lumot. Inson huquqlari bo‘yicha ta’limning Jahon dasturi 2004 yildan buyon amalga oshirilmoqda va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Birinchi bosqich (2005–2009) maktablarga qaratilgan edi. Ikkinchi bosqich (2010–2014) oliy ta’lim muassasalari hamda pedagoglar, davlat xizmatchilari va harbiy xizmatchilarni tayyorlashga bag‘ishlandi. Uchinchi bosqich (2015–2019) OAV vakillariga qaratildi, to‘rtinchi bosqich (2020–2024) esa yoshlar uchun mo‘ljallangan edi. O‘zbekistonda boshlangan beshinchi bosqich 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, qamrovni kengaytirish va yangi ta’lim formatlarini joriy etishga qaratilgan.

Avvalroq Jenevadagi Millatlar saroyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 61-sessiyasi yuqori darajadagi segmentida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish sohasidagi “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi taqdim etilgan edi.

manba